Ilm-fan va texnologiyalar yuksak darajada rivojlangan va rivojlanishda davom etayotgan bizning zamonamizda bilimlarni oshirish imkoniyati cheksizday go‘yo. Agar oliygohlarda yoki maxsus kurslarda o‘qishga erinsangiz, bilimlaringizni kitoblar yordamida oshirishingiz mumkin – bugun har qanday mavzuda ko‘plab kitob topish muammo tug‘dirmaydi. Qolaversa, internetdan istagan savolingizga javob topsangiz bo‘ladi.
SHunga qaramay, hamma ham bilim olishga jiddiy qiziqish bildirmaydi. Bu borada o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari diqqatga sazovor. Ma’lum bo‘lishicha, respondentlarning 53 foizi Er bir yil davomida Quyosh atrofida to‘la aylanib chiqishini bilak ekan; 59 foiz odam dinozavrlar va ibtidoiy odamlar boshqa-boshqa davrlarda yashaganini biladi; va 47 foiz odamgina Er sathining 70 foizi suv bilan qoplanganidan xabardorligini tasdiqlagan.
Ba’zi birovlar, mutaxassislikni yaxshi egallasa bo‘ldi, umumiy bilim saviyasi muhim emas, deb hisoblashlari mumkin. Lekin turli sohalardan bir shingildan olingan bilimlar ham axyonda kerak bo‘lib qoladi. Bu fikrga qo‘shiluvchilar uchun quyida o‘nta ilmiy masala haqida hikoya qilib beramiz.
-
Osmon nega moviy?

Osmon turfa tusga kiradi, goh moviy, goh ko‘k, havo ayniganda esa qora bulutlar osmonni to‘q rangga kiritadi. Lekin moviy osmon va musaffo havo ko‘pchilikka yoqadi, shu bois u osmonning “normal” holati deb qilinadi. Olimlarning aniqlashicha, ko‘k rang insonlarning hissiyotlariga ijobiy ta’sir o‘tkazadi, uning ta’sirida biz hissiyot qo‘zg‘ovchilarga tez javob qaytaramiz va ruhiy qiyinchiliklarni osonroq engib o‘tamiz.
Osmon “yoyilish effekti” ta’sirida moviy tus oladi. Quyosh nurlari atmosferadan o‘tish chog‘ida gazlar va turli zarralar bilan to‘qnashadi. Moviy rangning to‘lqinlari boshqa ranglarga nisbatan qisqaroq, shu bois u to‘lqinlari uzun ranglarga nisbatan bu filtrdan osonroq o‘tadi, va atmosferadan o‘tish asnosida yoyila boradi. SHu bois quyosh charaqlab turganda osmon moiy tusga kiradi.
Tong otishi va kun botishida quyosh nurlari kattaroq masofani bosib o‘tishi talab qilinadi. Buning natijasida qizil, sariq va boshqa o‘xshash ranglar osmonda aks etadi.
Aytganday, binafsha rangning to‘lqinlari moviynikidan ham qisqaroq. Ammo quyosh spektrida binafsha rangning kamligi va ko‘zimizning moviy rangni yaxshi ilg‘ay olishi tufayli u bizga sezilmaydi.
- Er necha yoshda?

Yangi Yil dasturxoni atrofida to‘planadiganlardan hech bo‘lmasa bir kishi yaqinlarini “Erning 2015 yoshga to‘lgani” munosabati bilan tabriklaganini eshitsangiz kerak. Ammo bunday e’tirof haqiqatdan benihoya uzoq…
1654 yili Djon Laytfut ismli tadqiqotchi Tavrotning “Ibtido” kitobiga asoslangan holda Er sayyorasi miloddan avvalgi 4004 yilning 26 oktyabrida Mesopotamiya (bugungi Iroq hududida) vaqti bilan soat 9:00 da bunyod etilganini e’lon qilgan edi. XVIII asr oxirida boshqa tadqiqotchi – graf de Byuffon sayyoraning mitti nusxasini qizdirib, uning sovush tezligini hisoblab ko‘rdi va shu asosda sayyoramiz 75 ming yil muqaddam yaratilgan degan xulosaga keldi. XIX asrda esa mashhur fizik lord Kelvin bu sanani 20-40 mln yilga etkazdi.
Ammo radioakti moddalarning o‘rganilishi sayyoramizning yoshi haqidagi tasavvurlarni butunlay o‘zgartirib yubordi. Radioaktiv moddalarning parchalanish tezligi hisob-kitoblar olib borishning eng ishonchli usuliga aylandi. Olimlar bu yo‘l bilan turli tog‘ jinslari, meteorit parchalari hamda Oydan olib kelingan toshlarning yoshini aniqladilar. Buning natijasida Er sayyorasi 4,54 mlrd yil muqaddam vujudga kelgani aniqlandi. Bu sonning xato koeffitsienti 1 foizni tashkil qiladi.
- Tabiiy tanlanish nima?

XIX asrda biolog CHarlz Darvin tomonidan ishlab chiqilgan evolyusion ta’limot bugungi kunda biologiya fanining asosini tashkil qiladi. Bu nazariya allaqachon o‘z isbotini topganiga qaramay, muhokamalar hanuzgacha yakuniga etgani yo‘q: mutaxassislar evolyusiya mexanizmlarini konkretlashtirishga harakat qilsalar, ba’zilar nazariyani chipakka chiqarishdan umidvor.
Darvin nazariyasi asosida tabiiy tanlanish tushunchasi yotadi. Bu jarayon mutatsiyalar, ya’ni organizmning genetik o‘zgarishga uchrashi bilan amalga oshadi. Mutatsiyalar tasodifiy tartibda ro‘y beradi, lekin evolyusiya millionlab yillarni o‘z ichiga oladi, shu bois o‘zgarishlar ma’lum tartibga kela boshlaydi. Mutatsiya sodir bo‘lgan organizm yashab qolsa, uning avlodlari ko‘paya boradi, buning natijasida boshqa turlardan farq qiluvchi yangi tur shakllanadi va ekotizimda o‘z o‘rnini egallaydi.
Tasavvur qiling, yashil qo‘ng‘izlar mutatsiya ta’sirida jigarrang tusga kirdi. Bunday qo‘ng‘izlar rangi tufayli yashil ajlodlariga qaraganda tabiiy muhit bilan tez uyg‘unlashib ketadi, shu bois qushlar ularni topishga qiynaladi. YAshil qo‘ng‘izlar esa qushlarga ko‘proq em bo‘ladi. Buning ta’sirida vaqt o‘tishi bilan jigarrang qo‘ng‘izlar miqdoriy ustunlikka erishadi. Oxir-oqibat yashil qo‘ng‘izlar butunlay yo‘qolib, jigarrang avlodlariga o‘rin bo‘shatib beradi.
Albatta, bu eng oddiy misol. Yirik jonzotlarning evolyusiyaga uchrashi yanada qiyinroq ssenariy bo‘yicha kechadi.
- Quyosh qachon so‘nadi?
Quyosh faqat baxtsiz insonga nur sochmay qo‘yadi deb o‘ylasangiz, yanglishasiz. Agar bu odam 5.5 mlrd yildan so‘ng tug‘ilmasa, albatta, negaki u paytga kelib quyosh, amalda ulkan termoyadroviy reaktor bo‘lmish barcha yulduzlar singari, o‘z yadrosidagi butun vodorod zaxirasini bitiradi va tashqi qatlamlardagi vodorodlarni yoqa boshlaydi. Quyosh yadrosi qisqara, tashqi qatlamlari esa kengaya boshlaydi, yulduz qip-qizil tusga kiradi. So‘nggi porlash Quyosh tizimini issiqlik zarbasi bilan yoqib yuboradi. Pluton va Koyper kamari singari tashqi qismlar qaynoq nuqtaga aylanadi, tizimning ichki qismlari, jumladan, Er sayyorasi ham, o‘layotgan yulduz tomonidan tortib ketiladi yoki kulga aylanadi.
Agarda odamlar boshqa yulduz tizimiga ko‘chib ketmasa, bu jarayonni hech kim kuzata olmaydi, negaki u paytgacha insoniyatning mavjud bo‘lishi va umuman sayyoramizda tiriklikning saqlanishi shubha ostida. Umrining yarmini yashab bo‘lgan Quyosh issiqligi sekin-asta kuchaymoqda, 1 mlrd yildan so‘ng u 10 foizga oshadi. Quyosh radiatsiyasining bu darajada ko‘tarilishi sayyoramizdagi barcha okeanlarni va suv zaxiralarini quritib yuboradi.
- Magnitning ishlash prinsipi
Qadimda magnit o‘ziga xos mo‘‘jiza hisoblangan. Bugungi kunda uning ishlash prinsipi juda oddiy ekanligi barchaga ayon.
Magnit maydoniga ega har qanday ob’ekt yoki modda magnit bo‘la oladi. Magnit maydonining xususiyati shundak iboratki, unda ko‘pla elektronlar bir yo‘nalishda harakatlanadi. Elektronlar hamisha juft bo‘lishga intiladilar, temirda esa elektronlar toq holda harakatlanadi. SHu bois temirdan yasalgan buyumlar yoki tarkibida bu metall ko‘p bo‘lgan jismlar magnitga tortila boshlaydi. Magnitga tortiluvchi jismlar ferromagnetiklar deb ataladi.
Magnitning imkoniyatlaridan o‘rta asrlardanoq foydalana boshlaganlar. Qadimgi zamon sayyohlari kompas o‘qlarini magnetizatsiya qilib, shu orqali yo‘l topardilar. Ammo qadimda kuchli magnitlar ma’lum emas edi. Bugungi kunda esa sizning o‘zingiz uy sharoitida kuchli magnit bo‘lagini yaratishingiz mumkin bo‘ladi. Buning uchun temir parchasini elektr simi bilan o‘rab, uning uchlarini batareya qutblariga ulash kerak bo‘ladi.
- Kamalak nimadan yasalgan?
Qadimgi yahudiylar kamalakni “Xudo va insoniyat orasidagi ahd ramzi” deb ishonishgan. YUnonistonda esa uni urush va qasos ma’budasi Irida deb bilishgan. Olimlar esa Aristotel zamonidan boshlab bu tabiiy hodisaning asl tabiatini aniqlashga intilganlar.
Kuchli yog‘ingarchilikdan so‘ng atmosferada qolib ketadigan suv tomchilari kamalakni keltirib chiqaradi. Tomchilar zichligi ularni o‘rab turgan havo zichligidan farq qiladi; bu tomchilarga quyosh nurlari tushganda, ular prizma misoli yorug‘likni to‘lqin uzunliklariga bo‘lib tashlab, aks ettiradi. Bizga ko‘rinadigan spektr ranglaridan iborat yoy hosil bo‘ladi.
- Nisbiylik nazariyasi nima?
Nisbiylik nazariyasining eng sodda va jo‘n tavsifini uning muallifi Albert Eynshteynning o‘zi bergan: “Yigit chiroyli qiz bilan bir soat o‘tirsa, bu uchrashuv bir daqiqa davom etganday tuyuladi. U issiq o‘choqda bir daqiqa o‘tirib ko‘rsin, bu azob bir soatga cho‘zilganday tuyuladi. Hamma narsa nisbiy”.
Eynshteyn ikkita nazariya ishlab chiqqan – maxsus va umumiy nisbiylik nazariyasi. Unga qadar tadqiqotchilar makon va zamon, ularga koinotning qaysi nuqtasidan qaramang, o‘zgarmay, bir xil turadi, deb hisoblashar edi. Ammo Eynshteyn matematik metodlar vositasida narsalarga bo‘lgan mutlaq qarash illyuziya ekanligini isbotladi. Aslida makon va zamon o‘zgarib boradi: makon kengayishi yoki torayishi, egilishi mumkin, vaqtning tezligi esa esa ob’ektning harakat tezligi yoki tortishish maydonining kuchiga bog‘liq.
Bundan tashqari, zamon va makonning holati uni kuzatish nuqtasiga ham bog‘liq. Aytaylik, soatning soniyani ko‘rsatuvchi o‘qi barchamizga ma’lum tezlikda yuradi. Lekin agar shu soat ulkan tezlikda Er orbitasida harakatlansa, soniya o‘qi sekinroq harakatlanadi.
Makon va zamon yagona makon-zamonning tarkibiy qismlaridir, u esa tortishish kuchi va tezlanish ta’sirida o‘zgarishi mumkin. SHu bois, agar ob’ekt ulkan tezlikda harakatlansa yoki unga tortishish kuchi ta’sir o‘tkazsa, bu ob’ekt uchun vaqt sekinroq o‘tadi. Harakatdagi ob’ektlar uchun vaqt qay darajada sekinlashishini matematik yo‘llar bilan hisoblab chiqarish mumkin.
Er xaritasini tuzadigan GPS yo‘ldoshlari aniq vaqt qayd qilinmasa to‘g‘ri ishlolmaydi. Ular sayyoramiz atrofida 14 ming km/soat tezlikda harakatlanadi; agar muhandislar ularning soatlarini nisbiylikni e’tiborga olgan holda to‘g‘irlab turishmasa, Google xaritalari kuniga 10 km ga yanglisha boshlaydi.
- Nega suv pufaklari dumaloq shaklga kiradi?
Suv pufaklari mukammal aylana shaklda bo‘lmasa ham, lekin har doim sferik shaklga kirishga intiladi. Bunday pufaklar suyuqlikning yupqa qavatidan tashkil topib, ularning molekulalari kogeziya hodisasi tufayli birikib turadi. Tashqi tomondan esa ularga havo molekulalari ta’sir qiladi. Suyuqlikning bu ikki kuchga qarshilik ko‘rsatishning eng samarali usuli imkon qadar ixcham shaklni qabul qilishdir. Agar hajmning maydonga nisbatini hisobga oladigan bo‘lsak, bu aylana shaklidir.
SHunisi qiziqki, olimlar allaqachonlar to‘g‘ri burchakli, uchburchak, to‘rtburchak, kub va hokazo shakllardagi pufaklar yasashni o‘rganib olishgan.
- Bulutlar nimadan tarkib topgan?
Bulutlar suv tomchilari va muz kristallari jamlanmasidan iborat ulkan massadir. Issiq havo ta’sirida osmonga ko‘p namlik ko‘tarilishi natijasida bulutlar yuzaga keladi. Namlik atmosferaning yuqorisidagi sovuq zonalariga etib borganida, issiq havo soviydi, suv bug‘i esa kondensatsiyaga uchrab, haroratga qarab suv tomchilari yoki muz kristallari shakliga kiradi. Bu zarralar kogeziya tufayli guruhlarga birlashadi. SHu tariqa bulutlar paydo bo‘ladi.
Bulutlar sayyoramizning gidrologik silsilasidagi muhim bo‘g‘indir; ushbu jarayonda suv er yuzi va atmosfera orasida harakatlanib, navbatma-navbat suyuq, qattiq va gazsimon holatga keladi. Agar bu silsila bo‘lmasa, Erda hayot ham bo‘lmas edi.
- Suv nega havo haroratida bug‘lanib ketadi?
Agar suvni molekulyar darajada kuzatsangiz, molekulalar bir-biri bilan yaxshiroq joylar uchun kurashayotganini va guruhlarga birlashayotganini ko‘rasiz. Havoda suv bug‘lari ko‘plab to‘planadi. Molekulalar havo yuzasiga yopishib qoladi, buning natijasida suyuqlik solingan idishlarning tashqi tomonida kondensat hosil bo‘ladi. Havo quruq bo‘lganda esa suvning suyuq holatdagi molekulalari havoda suzib yurgan molekulalarga intiladi. Bu jarayon bug‘lanish deb ataladi. Bu jarayonda suv havoning quruqligiga mos ravishda molekulalarini yo‘qota boshlaydi; oxir-oqibat suv solingan idish bo‘shab ham qolishi mumkin.
Manba: XABARDOR.UZ
