Ma’naviy-ma’rifiy ishlar
Yoshlarni ma’naviy tarbiyalash — o’ta nozik va mas’uliyatli ish. Yoshlarni ma’naviy tarbiyalashda ularning yoshi, xohishi, intellektual, ruhiy tayyorgarligini hisobga olish kerak. Yoshlar ma’naviy-axloqiy sifatlarining ifodasi bo’lgan ruh (aql) nodir hodisa bo’lib, tez o’sishga moyildir. Yoshlarni ma’naviy — ma’rifiy ruhda tarbiyalashda yoshlardagi taqlid, ta’sirlanish, tormozlanishdan kuchliligini, kuchli ruhiy ta’sirlanish bosh miya yarim sharlaridan ayri, «maslahatlashmay» sodir bo’lishini va bunday hollarda ular o’zlari bilmagan holda zid hatti-harakatlar sodir etishi, jiddiy xatolarga ham yo’l qo’yishini inobatga olish zarur. Shuningdek, yoshlar ta’sirga beriluvchan, ongiga o’z atrof-tevaragidagi voqealarni tez singdiruvchan bo’ladi. Bu voqealar yoshlarning his-tuyg’usidan mustahkam o’rin olib, ichki olamiga ruhiyatiga ta’sir ko’rsatadi. Bu esa yoshlarni maksimal fikrlaydigan, turli xil emotsiya va ambitsiyalarga tez uchadigan demografik qatlam ekanini ko’rsatadi. Shuning uchun barkamol avlodni shakllantirishda pok, sog’lom bo’lgan ijtimoiy muhitni, sog’lom ruhdan oziqlanib to’g’ri yo’nalish olishni ta’minlash talab etiladi. Buning uchun yoshlarni ma’naviy tarbiyalashda quyidagilarga e’tibor qaratish kerak bo’ladi. Avvalo, ustoz yoki ota-ona tomonidan rag’batlantirib, boshqarib turilishi orqali yoshlarda etishmaydigan shaxsiy muloqot, jamoada yashash tajribasi, qiyoslab tahlil qilish malakasini oshirishga e’tibor qaratishga to’g’ri keladi. Yoshlarni ma’naviy-ma’rifiy ruhda tarbiyalashda ustoz, sinf rahbari va ota-onalar orasida hamkorlikni yo’lga qo’yish samarali usul hisoblanadi. «Takror aytishga to’g’ri keladi — ota-onalar, ustoz-murabbiylar bu masalada hushyorlikni yo’qotmasligimiz, yoshlar tarbiyasida aslo beparvo bo’lmasligimiz zarur» (I.A.Karimov. Yuksak ma’naviyat — engilmas kuch. -T.: «Ma’naviyat», 2008. 15-b.). Ana shunda yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy qarashlari ularning xulq-atvorida namoyon bo’ladi.
Ikkinchidan, Respublika Xalq ta’limi vazirligi, Toshkent Davlat Qori Niyoziy nomidagi O’zbekiston Pedagogika fanlari ilmiy tadqiqot instituti, Toshkent shahar xalq ta’limi bosh boshqarmasi o’zaro hamkorlikda ishlab chiqqan «O’quvchilarni tarbiyalashda oila, mahalla, maktab hamkorligi» («O’quvchilar tarbiyasida oila, mahalla, maktab hamkorligi» Kontseptsiyasi. T.: O’qituvchi, 1998. 16-b.) Kontseptsiyasini hayotga keng tadbiq etish ham yoshlarni barkamol avlod qilib etishtirish usuli bo’la oladi. Bu borada shuni ta’kidlash kerakki, mahalla har bir oiladagi ma’naviy-axloqiy muhit, farzandlar tarbiyasiga sezilarli ta’sir o’tkazib kelgan. «Mahallaning ta’lim-tarbiya maktabi hayot dorilfununi sifatida ahamiyati shu qadar kattaki, uning bu boradagi o’rni va rolini aniq va mukammal bayon etish, mohiyatini to’la yoritish hech ham mumkin emas» (Z.Islomov. Davlat va huquq: umumnazariy masalalari.-T.: Adolat, 2000. 39-b.).
Uchinchidan, o’quvchilarni ma’naviy-ma’rifiy ruhda tarbiyalash uchun eng muhim va birlamchi manba sifatida Prezidentimiz I.A. Karimovning asarlaridan foydalanish muhim ahamiyat kasb etadi. Yoshlarga ma’naviyatning ma’no-mazmunini, uning inson va jamiyat hayotidagi o’rni va ahamiyatini tushintirishga, ruhiy-ma’naviy oziq berish, dunyoqarashini yuksaltirishga xizmat qiladi.
To’rtinchidan, yoshlarga ma’naviyatning murakkab va serqirra tushunchalarini nazariy va amaliy tomonlarini o’rgatishda tushunchalarning ma’nosini puxta va qisqa yozib borish va turli kontekstlarda bir necha marta qo’llash kerak. Bunda har qanday yangi notanish so’z o’quvchining ishchi so’ziga aylanib qoladi.
Beshinchidan, 1999 yil 3 sentyabrda Prezidentimiz Farmoni bilan tashkil qilingan Respublika ma’naviyat va ma’rifat Kengashi va uning joylardagi bo’limlarining bir qator ijobiy natijalaridan foydalanish zarur. Bugungi kunda maktablar «ma’naviyat targ’ibot markazi» va uning bo’limlari bilan hamkorlikni yo’lga qo’yishi kerak. Ular o’tkazayotgan tadbirlar, uchrashuvlar, konferentsiyalar, seminarlarda faol, tashabbuskor o’quvchilarning ishtiroki va chiqishlarini uyushtirish kabi yangi yo’nalishlarni tashkil qilish zarur.
Oltinchidan, maktablarda viloyat, shahar va tumanlar hokimlarining ijtimoiy ishlar hamda xotin-qizlar ishlari bo’yicha muovinlari, ijtimoiy kompleksga aloqador barcha idoralar rahbarlari vakillari, korxona va tashkilotlar rahbarlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo’yicha o’rin- bosarlari bilan uchrashuv va davra suhbatlari tashkil etishni takomillashtirib borish kerak.
Ettinchidan, maktablar faol, tashabbuskor o’quvchilarni to’plab, ular bilan «Yuksak ma’naviyat — engilmas kuch» mavzusida ma’naviy to’garaklar tashkil qilish va o’quvchilarni bosqichma-bosqich ma’naviyat olamiga olib kirib chiniqtirish usulidan foydalanishlari kerak.
Sakkizinchidan, maktabda loqayd, befarq, g’o’r o’quvchilarni tanqid qilishga, qaror qilishga qaratilgan «Ma’naviy tubanlik», «Ma’naviy qashshoqlik» mavzusidagi stend, devoriy gazetalar tashkil etilishi o’quvchilarni ma’naviy-ma’rifiy ruhda tarbiyalashning samarali usuli bo’la olishi bilan birga, maktabning tarbiya maskani sifatidagi ahamiyatini, rolini yanada oshirishini inobatga olish lozim.
To’qqizinchidan, ma’naviy-ma’rifiy mavzudagi kitoblar, bukletlar, stendlar, gazeta va jurnallardan namunalar tashkil etish o’quvchilarni ma’naviy-ma’rifiy ruhda tarbiyalashning o’ziga xos usuli bo’la oladi.
O’ninchidan, maktablarda barcha madaniy-ma’rifiy muassasalar singari turli anjumanlar, davra suhbatlari, bahs-munozaralar, uchrashuvlar uyushtirish, ma’naviy tarbiyaning mazmun-mohiyatini o’quvchilarga tushunarli tarzda izohlab beradigan qo’llanma va tavsiyalar tayyorlash, ayniqsa, muhim. Xulosa qilib aytganda, yoshlarni yuqorida ko’rsatilgan usullar yordamida ma’naviy-ma’rifiy ruhda tarbiyalash barkamol avlodni shakllantirishdagi muammolarni bartaraf etishi mumkin.
