Ma’lumki, sog`lom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularning huquq va manfaatlarini himoya qilish, orzu-umidlarini ro`yobga chiqarish masalalari umummilliy qadriyatlarimizning asosini tashkil etadi. Zero, xalqimiz mustahkam oila barpo etish, o`g`il-qizlarini har t omonlama yetuk qilib kamol toptirish, ularning baxtidan quvonishdek ezgu fazilatlarga tayanadi. Istiqlolning dastlabki yillaridayoq qabul qilingan «O`zbekiston Respublikasida yoshlarga oid davlat siyosatining asoslari to`g`risida”gi, «Ta’lim to`g`risida”gi qonunlar yosh avlodni milliy va umuminsoniy qadriyatlar ruhida tarbiyalash, ularga jahon andozalari darajasida bilim berish, o`z qiziqishi va intilishiga mos tarzda kasb-hunar egallashga yaqindan ko`maklashishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.O`zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 41-moddasida har kim bilim olish huquqiga ega ekanligi va bepul umumiy ta’lim olish davlat tomonidan kafolatlanganligi ko`rsatib o`tilgan. Shuningdek, O`zbekiston Respublikasining 1997 yil 29 avgustdagi «Ta’lim to`g`risida”gi Qonunining 4-moddasida jinsi, tili, yoshi, irqiy, milliy mansubligi, e’tiqodi, dinga munosabati, ijtimoiy kelib chiqishi, xizmat turi, ijtimoiy mavqei, turar joyi, O`zbekiston Respublikasi hududida qancha vaqt yashayotganligidan qat’iy nazar, har kimga bilim olishda teng huquqlar kafolatlangan.
