«Kadrlar tayyorlash milliy dasturi» ta’lim-tarbiya sohasida ulkan odimlarni boshlab berdi. Bu esa har bir pedagog zimmasiga quyidagi asosiy talablarni – ta’lim berish, tarbiyalay olish va ta’lim oluvchining bilimlarini xolisona baholay olish, qolaversa nazorat qilish mahoratini rivojlantirish vazifasini yuklaydi. Yangi asr o‘qituvchisi yuqoridagilarni bajarishi hamda ta‘lim-tarbiya jarayoniga bo‘lgan yangicha qarashlarni shakllantirish xislatlariga ega bo‘lishi kerak.
U o‘z faoliyatida qobiliyatli, zamonaviy, ilmiy va madaniy taraqqiyotning mohiyatini chuqur tushuna bilishi, dunyo va inson haqidagi bilimlar tizimini keng nuqtai-nazardan anglash, qolaversa, kompyuter va boshqa o‘qitish texnik vositalaridan ta‘lim jarayonida foydalana olishi lozim. Shuningdek, milliy madaniyat va umuminsoniy qadriyatlarni mukammal egallashi, ma‘naviy barkamol, diniy ilmlardan ham xabardor, e‘tiqodli, fuqarolik va vatanparvarlik burchini his qilishi, asosiysi, milliy mafkura hamda bugungi iqtisodiy islohotlar mohiyatini to‘la tushunib yetgan bo‘lishi lozim.
